تورک بالاسی TÜRK BALASI

TÜRK DÜNYASI UŞAQ ƏDƏBİYYATI

Sehrli shamchiroq

+0 BƏYƏN

 

 






 


Sehrli shamchiroq

O‘tgan zamonda bir mamlakatda ikki aka-uka bo‘lgan ekan.
Ular o‘z qishloqlaridan chiqib ketganlariga bir necha yil bo‘lgan ekan.
Ularning qishlog‘ida sakkiz-o‘n yoshli bolalardan bir qanchasi suvi qurigan ariqda qumdan “Ariq-ariq” qilib o‘ynab turgan vaqtda bir mo‘ysafid chol ko‘chadan o‘tib ketayotib, Oloviddin degan bolani oldiga chaqiribdi. Chol Oloviddinga:
— Men dadangning akasi bo‘laman, sen tug‘ilmasdan avval uydan chiqib ketgan edim. Sen tug‘ilib shuncha yoshga kiribsan, oying tinch o‘tiribdimi? — deb uni quchoqlab o‘pibdi. Oloviddin yugurib oyisining oldiga kiribdi va “Oyi-oyi, amakim keldi, men bilan so‘rashdi. Uyga boshlab kiraymi”, debdi.
Oyisi ham xursand bo‘lib uyga boshlab kirishni buyuribdi. Chol uyga kirgach, xuddi Oloviddinning amakisiga o‘xshab mehribonlik bilan ko‘rishib, yig‘i-sig‘i bilan hol-ahvol so‘rashibdi. Chol bir-ikki kun mehmon bo‘lib Oloviddinni o‘ziga juda ham o‘rgatib olibdi. Oloviddin undan bir qarich ham uzoqlashmas ekan.
Bir kuni chol Oloviddinni shaharga olib borib o‘ynatib kelmoqchi bo‘libdi va onasidan ruxsat so‘rabdi. Ular shaharga borib ko‘p joylarni tomosha qilibdilar.
Chol Oloviddinga yangi kiyimlar olib beribdi. Shahardan qishloqqa qaytish paytida chol: “Yur, o‘g‘lim, ana u yerda biroz ishimiz bor, shuni bitkazib ketaylik”, deb Oloviddinni shaharning kun botish tomoniga — adirga qarab boshlabdi. Adirning ustiga chiqqach, chol Oloviddinga bir uzukni berib, kattakon toshni ko‘rsatibdi.
— Mana bu uzukni o‘ng qo‘lingga taqib ol, qachon boshingga bir qiyinchilik tushsa, bir toshga surkasang, senga asqotadi, shu toshning tagida bir teshik bor, shu teshikka tushsang, bir uyning ichida bir qora chiroq (shamchiroq) bor, shuni menga olib chiqib berasan, — debdi.
Oloviddin toshni ko‘tarib pastga qarab tusha boshlabdi.
Bir necha xonadan o‘tgach, atrofi yop-yorug‘ uyga yetib boribdi. Bu uyning tagi har xil rangli toshlarga to‘la ekan. Bu toshlar orasida eski bir shamchiroqni topibdi.
Shamchiroqni cho‘ntakka solgach, marvarid, yoqut toshlar ko‘ziga bir ajoyib ko‘rinib ketibdi. Ikki cho‘ntagini to‘ldirib, zinapoya bilan balandga ko‘tarila boshlabdi.
Chol tashqarida: “Oloviddin, topdingmi? Olib chiqyapsanmi?” deb bir necha marta so‘rabdi.
— Teshikning og‘ziga kelganda, shamchiroqni menga beraqol, — debdi chol.
Shamchiroq cho‘ntakning ostida bo‘lib, uning ustiga turli qimmatbaho toshlar to‘ldirilgan edi. Shotining ustida turgan paytda toshlarning tagida turgan shamchiroqni olib berish qiyin bo‘libdi. Bir necha daqiqagacha Oloviddin uni bir qo‘li bilan ololmabdi. Chunki toshlarni tashlab yuborishga ko‘zi qiymabdi.
Cholning xayolida, Oloviddin shamchiroqni bergisi kelmayotgandek ko‘rinibdi. Shuning uchun uning jahli chiqib, teshikni tosh bilan bekitib ketibdi. Oloviddin dod-faryod qilib, zor-zor yig‘labdi. Qanday qilib yer yuziga chiqishning yo‘lini bilolmabdi. Yana ilgarigi yorug‘ xonaga tushib “Dod” deb yig‘lay boshlabdi. Behush bo‘lib bir necha kun yotib qolibdi.
G‘orda madori qurib ketib, goh u tomonga, goh bu tomonga ag‘anab, qo‘llarini toshlarga urganda, qo‘lidagi uzuk toshga surkalib ketib, Oloviddinning tepasida bir barzangi dev: “Tila tilagingni, xizmatingga tayyorman”, deb turibdi.
Sehrli shamchiroqning sirini ham shu devdan eshitib olibdi.
Oloviddin devdan yer yuziga, o‘z qishlog‘iga — onasining yoniga eltib qo‘yishni so‘rabdi. Dev unga:
— Yelkamga minib, ko‘zingni yum, — debdi. Oloviddin devning yelkasiga minibdi. Dev yana:
— Ko‘zingni och! — debdi. Oloviddin ko‘zini ochib qarasa, onasining yonida turganmish. U onasi bilan mehribonlarcha ko‘rishibdi, yig‘i-sig‘i qilibdi. Ko‘rganlarini aytib beribdi. Shamchiroqni bir parcha kigizga ishqalagan ekan, haligi devdan ham katta bir dev paydo bo‘libdi.
Oloviddin unga:
— Podshohlarning saroyidan ham afzal bir saroy barpo bo‘lsin. Hatto zinapoyalari ham oltindan bo‘lsin. Hamma ko‘rib hayron qolsin, — debdi. Bir zumda aytgani paydo bo‘libdi. Endi Oloviddin o‘z onasiga: “Podshohning bir qizi bor emish. Shunga sovchi bo‘lib borsangiz. Nima desa, men topib berishga tayyorman”, — debdi.
Podshoh dastlab bu kambag‘alga qizini berishni loyiq topmabdi. Shuning uchun juda ko‘p qalin so‘rabdi. “Tuyalarda toza mollar karvon-karvon keltirilsin, qo‘ylar, yilqilar “bo‘ldi-bo‘ldi” demaguncha keltirilsin. Yog‘-u asallar ariqlarda suv o‘rniga oqib tursin. Podshoh bu narsalarga joy topolmay, “dod” deguncha kela bersin. So‘ng qizimizni beramiz”, debdi.
Oyisi bu gapni Oloviddinga borib aytganda, Oloviddin “Hi” deb kulib qo‘yib:
— Ertagayoq tayyor bo‘ladi bu narsalar, — debdi.
Podshohning so‘ragan qalini: mollar, qo‘y-echkilar aytganidan ham ziyoda qilib yuborilibdi.
Podshoh o‘z qizini qirq kun to‘y-tomosha qilib Oloviddinga beribdi va ular baxtiyor hayot kechira boshlashibdi. Oloviddinning tagida yaxshi oti bor ekan. U har kuni dalaga ovga borib, kech qaytar ekan.
Endigi gapni choldan eshiting:
Bir necha yillardan buyon chol, Oloviddin yer yuziga chiqib hayot kechirayotgandir deb, mamlakatlarni kezib, uni axtarib yurar ekan. Bir kuni Oloviddinning qishlog‘iga kelsa, qaddi ko‘klarga ko‘tarilgan hashamatli ajoyib bir bino paydo bo‘lganini ko‘ribdi. Odamlardan: “Bu uy kimning uyi?” deb so‘rabdi.
Ular Oloviddinning uyi ekanini aytibdilar.
Cholning yuragi jig‘illab ketibdi. U bozordan xurjuniga to‘ldirib shamchiroq sotib olibdi. Yangi bino joylashgan ko‘chada qattiq ovoz bilan “Kim yangi shamchiroqqa eski shamchiroqni almashtiradi”, deb qichqiribdi.
Bu ovozni Oloviddinning xotini eshitib qolibdi. O‘choqning boshida bir eski shamchiroq anchadan buyon yotar ekan.
Onasiga qarab “Ona, shu eski shamchiroqni olib chiqib, yangisiga almashtirib keling”, deb aytibdi. Oloviddinning onasi xursand bo‘lib eski chirog‘iga yangisini almashtirib kelibdi. Chol maqsadiga yetibdi. Shamchiroqni shahar chekkasiga olib borib, uni o‘pib yig‘labdi. Qachondan buyon uni istab, azob chekkanini aytibdi. Chol shamchiroqqa kigizni ishqalab, hozir bo‘lgan devga qarab: “Istab topib bo‘lmaydigan bir uzoq mamlakatga Oloviddinning uyini, xotini va narsalari bilan ko‘chirib yubor”, — debdi.
Chol ko‘zini yumib, ochib qarasa, bir ajoyib o‘lkada zo‘r imorat ichida turgan emish.
Yonida podshohning qizi — Oloviddinning yosh xotini va onasi. Chol shamchiroqni yerga qo‘ymasdan qo‘yniga solib yurarkan. Oloviddinning xotini bir necha oygacha cholni yaqiniga keltirmay, undan nafratlanib yuribdi.
Chol yosh xotinning ko‘nglini ovuta olmabdi.
Endi Olovuddinga kelaylik, Oloviddin ovdan kelsa, uyi o‘rnida chang-to‘zon ko‘tarilib yotibdi. Onasi, xotini, uyi yo‘q. Xafa bo‘lib bir necha yil shaharma-shahar axtaribdi. Bormagan yurti qolmabdi.
Bir kuni Oloviddin holdan ketib, charchab, bir ariqchaning yonida to‘xtabdi. Yuz-qo‘llarini shildirab oqib turgan zilol suvda yuvibdi.
Suv ostida ko‘rinib turgan mayda toshchalardan qo‘liga to‘ldirib olibdi. Shunda panjasidagi uzukka toshlar ishqalanib ketib, uning chaqnaganini ko‘rib, bir ish esiga tushibdi. Qo‘lidagi uzukni toshga ishqalasa, bir dev paydo bo‘lib, “Tila tilagingni!” debdi. Oloviddin unga:
— Men katta baxtsizlikka duchor bo‘ldim: imoratim, xotinim, onamdan ajraldim. Shuni menga topib bersang, — debdi.
Dev bo‘lsa: “Uni qaytarib kelish mening qo‘limdan kelmas, ammo imorat turgan joyga seni olib borib qo‘yish qo‘limdan keladi”, — debdi va Oloviddinni yelkasiga mindirib, shu imoratning oldiga keltirib qo‘yibdi.
Oloviddin bir kampirni topib, uyda kim borligini, cholning qayerdaligini, shamchiroq qayerda turishini so‘rabdi. O‘zining kelganini xotiniga bildiribdi.
Shu kuni ular chiroqni choldan olish uchun hiyla ishlatibdilar. Kelin bir necha shishada sharob tayyorlabdi.
Cholga qarab: “Keling, bugun bir xursandchilik qilaylik, mayli, endi siz nima desangiz roziman”, debdi. Chol xursand bo‘lib og‘zi qulog‘iga yetibdi.
Kelin o‘zining navbatini ichmasdan yerga to‘kib, cholga bir necha piyola may quyib beribdi. Oxiri chol mast bo‘lib uxlab, qotib qolibdi.
Uning qo‘ynidan eski sehrli shamchiroqni olibdilar.
Ertasiga Oloviddin cholni hushiga keltirib, “Sehrgar aldamchining jazosi shu”, deb kallasini qilichi bilan shartta kesib tashlabdi.
Sehrli shamchiroqni kigizga ishqalab devni chaqiribdi.
Dev Oloviddinning uyini butun oila a’zolari bilan o‘z yurtiga olib kelib qo‘yibdi.
Oloviddin tinch va osoyishta hayot kechira boshlabdi va murod-maqsadiga yetibdi.


BÖLÜM: Nağıl,